YuNESKOning Parijdagi shtab-kvartirasida Toshkent shahrining 2200 yillik yubileyiga bag'ishlangan tadbirlarning tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tdi.
Mazkur tadbirlar doirasida “O'zbekiston hunarmandchiligi va xalq amaliy san'ati” ko'rgazmasi bo'lib o'tdi. Unda YuNESKO huzuridagi doimiy vakolatxonalar rahbarlari, senatorlar va deputatlar, Parij shahar va tumanlar hokimliklari, Fransiya siyosiy, ishbilarmon, madaniy va ijtimoiy doiralar vakillari qatnashdi. Ko'rgazmaning ochilish marosimida O'zbekiston Respublikasining YuNESKOdagi doimiy vakili L. Tillaeva, YuNESKO bosh direktori K. Masuura va Toshkent shahar hokimining o'rinbosari N. Baxtiyorov so'zga chiqishdi.
YuNESKO bosh direktori K. Masuura o'z so'zida keyingi yillarda O'zbekiston bilan YuNESKO shafeligida qo'shma tadbirlar o'tkazishning yaxshi an'anasi shakllanganligini ta'kidladi. Bunga 2000 yilda bag'rikenglik bo'yicha Toshkent deklorasiyasi qabul qilingan xalqaro konferensiyaning Toshkent shahrida muvaffaqiyatli bo'lib o'tganligi dalil bo'la oladi. Ikki yil oldin esa YuNESKO O'zbekistonning yana bir mashhur shahri, Buyuk Ipak yo'lining chorrahasida joylashgan – Samarqand shahrining 2750 yilligini nishonladi. Bugungi tadbir ham O'zbekiston uchun bo'lgani kabi, YuNESKO uchun ham muhim voqea hisoblanadi.
“Men O'zbekiston rahbariyatiga YuNESKO bilan ham moddiy va ham nomoddiy ko'rinishdagi boy madaniy merosni asrash borasidagi samarali hamkorlik uchun minnatdorlik bildiraman. Shu o'rinda o'zbek an'anaviy musiqasi – Shashmaqomni, shuningdek, YuNESKOning Nomoddiy madaniy meros reprezentativ ro'yxatiga kiritilgan Boysun hududi madaniyatini alohida qayd etishni istardim”, - dedi K. Masuura.
YuNESKO bosh kotibi ushbu tashkilotning Parijdagi shtab-kvartirasida Toshkent shahrining 2200 yillik yubileyi doirasida bo'lib o'tadigan barcha tadbirlar muvafaqiyat bilan o'tishiga, shuningdek, O'zbekiston bilan kelgusidagi hamkorlik yanada samarali bo'lishiga ishonch bildirdi.
“O'zbekiston hunarmandchiligi va xalq amaliy san'ati” ko'rgazmasi mehmonlari namoyish etilgan eksponatlarni qiziqish bilan ko'zdan kechirishib, o'z taassurotlari bilan o'rtoqlashdilar.
Senator, Fransiya senatidagi “Fransiya-O'zbekiston” do'stlik guruhi raisi B. Brut xonimning fikricha, “O'zbekiston xalq amaliy san'atiga bag'ishlangan ko'rgazmaning Parijda tashkil etilishi fransuz jamoatchiligi orasida katta tassurot uyg'otdi va o'zbek xalqining boy madaniy merosi bilan yaqindan tanishish imkoniyatini berdi. Ko'rgazma eksponatlari noyob va o'ziga xos, ularning har biri O'zbekiston va Toshkent tarixining turli davrlarini o'zida namoyon etadi.
Fransiya Senati delegasiyasi tarkibida men o'tgan yil sentyabr oyida O'zbekistonda bordim va mamlakatingizda Prezident Islom Karimov rahbarligida demokratik va ijtimoiy-siyosiy islohotlarning muvaffaqiyat bilan amalga oshirilayotganining guvohi bo'ldim. Yaqinda esa Prezidentning “Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi, O'zbekiston sharoitida uni bartaraf etishning yo'llari va choralari” nomli asarini o'qib chiqdim. Kitobning asosiy mohiyati va murakkab vaziyatda inqirozni yengib o'tish bilan bog'liq takliflar nafaqat O'zbekiston uchun muhim, balki ulardan boshqa davlatlarda ham muvaffaqiyat bilan foydalanish mumkin”.
Parij shahrining 1-tumani hokimi J. Lagari “O'zbekiston poytaxti mintaqadagi yirik siyosiy, iqtisodiy va madaniy markaz bo'lib, biz Toshkent shahri hokimiyati bilan savdo-iqtisodiy va madaniy sohalardagi hamkorlik aloqalarimizni yanada rivojlantirish tarafdorimiz. 2007 yilda Toshkent shahrining Islom madaniyati poytaxti deb e'lon qilinganligi munosabati bilan, Toshkentda Luvr islom muzeyi galereyasi eksponatlari namoyishini tashkil etishni taklif qilamiz. Bunday tadbir o'zbek jamoatchiligiga dunyoga mashhur muzey durdonalari bilan tanishish imkoniyatini beradi, shuningdek, mamlakatlarimiz o'rtasidagi madaniy hamkorlikning yanada faollashuviga xizmat qiladi”, - deya ta'kidladi.
Senator, Fransiya senatidagi “Fransiya-O'zbekiston” do'stlik guruhi a'zosi A. de Monteskyu tadbir haqida o'z mulohazalarini bildirar ekan, jumladan shunday dedi: “Toshkent shahrining 2200 yillik yubileyi munosabati bilan bo'lib o'tayotgan tantanalar qadimiy Buyuk Ipak yo'li sivilizasiyasiga doimo aloqador va o'zaro bir-birini boyitib kelgan O'zbekiston poytaxtining ko'p asrlik tarixini yaqqol namoyish etadi. Toshkent hamisha Sharq bilan G'arbni birlashtirib kelgan. Ushbu shahar va uning dunyo sivilizasiyasi rivojiga qo'shgan hissasi YuNESKO tomonidan munosib baholanganligini aytib o'tishni istardim”.





RSS