O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori
30.04.2008

Toshkent shahrining 2200 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida

Jahon sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan, haqli ravishda “Sharq darvozasi” deb nom olgan, xalqimizning g‘urur-iftixori bo‘lmish azim poytaxtimiz Toshkent shahrining milliy davlatchiligimiz tarixida va ijtimoiy-siyosiy hayotimizdagi o‘rni va ahamiyati beqiyosdir.

Qadimdan ilm-fan va madaniyatning yirik markazi, tinchlik va do‘stlik ramzi bo‘lib kelayotgan Toshkent shahrining 2200 yilligini poytaxtimizning yuksak nufuzi va mavqeiga munosib ravishda nishonlash, uning dunyo miqyosidagi obro‘-e’tiborini yanada oshirish, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini yanada kuchaytirish maqsadida:

1. YUNESKO Bosh konferensiyasining 2007 yil 2 noyabrdagi 34-sessiyasida Toshkent shahrining 2200 yilligini nishonlash va yubiley tadbirlarida YUNESKOning ishtirok etishi haqidagi qarori ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi, Toshkent shahar hokimligi, ijodiy uyushmalar va keng jamoatchilikning Toshkent shahrining 2200 yilligini 2009 yilning may oyida keng nishonlash to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

3. Toshkent shahrining 2200 yillik yubileyini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va yubiley tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha respublika tashkiliy qo‘mitasi tarkibi 1-ilovaga, kompleks chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Toshkent shahar hokimligi O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Toshkent shahridagi tarixiy obidalar, yodgorlik va qadamjolarni ta’mirlash, obodonlashtirish, yangi zamonaviy obyektlar qurish, shaharning ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirishga doir tadbirlar rejasini 3-ilovaga muvofiq amalga oshirsin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi, Toshkent shahar hokimligi YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy komissiyasi ishtirokida Toshkent shahrida 2009 yilning mart oyida “Toshkentning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotida tutgan o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiyani tashkil etish, mamlakatimiz va chet eldagi taniqli olim va mutaxassislarni jalb etgan holda, uni har tomonlama yuksak saviyada o‘tkazish, konferensiya materiallarini chop etish va anjumanni keng yoritish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va amalga oshirsin.

6. Tashkiliy qo‘mita (SH.Mirziyoyev)ga quyidagi vazifalar topshirilsin:

  • Toshkent shahrining 2200 yilligi munosabati bilan poytaxtda keng ko‘lamli bunyodkorlik, ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarini olib borish;

  • mavjud tarixiy obidalar va yodgorliklarni yuqori malakali mutaxassislarni jalb etgan holda o‘rganish, qayta tiklash va ta’mirlash bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish;

  • tarixiy-madaniy ahamiyatga ega inshootlarni ta’mirlash ishlarini ularning asl qiyofasiga mos tarzda belgilangan me’moriy talablar asosida amalga oshirish;

  • Toshkent shahrining tarixi, boy madaniy merosi va uning bugungi hayotini O‘zbekistonda va xorijiy mamlakatlarda targ‘ib etish bo‘yicha tadbirlarni tashkil etish;

  • Toshkent shahrining 2200 yilligiga bag‘ishlangan bayram tantanalarini yuksak saviyada o‘tkazish.

7. “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi, bir oy muddatda, xalqaro turistik tashkilotlar bilan birgalikda, Toshkent shahrining tarixiy-me’moriy obidalarini, ziyoratgoh va tabiiy jihatdan e’tiborga molik maskanlarini keng targ‘ib etish yuzasidan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin va amalga oshirsin.

8. Yubiley munosabati bilan quriladigan va rekonstruksiya qilinadigan obyektlarni belgilangan muddatda bajarish va foydalanishga topshirish uchun ularning loyihalash va qurilish ishlarini istisno tariqasida bir vaqtda amalga oshirishga ruxsat berilsin.

9. Yubiley munosabati bilan quriladigan va rekonstruksiya qilinadigan bino va inshootlar uchun xorijdan keltiriladigan qurilish materiallari hamda asbob-uskunalar Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxat asosida bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi to‘lovlaridan tashqari) ozod qilinsin.

10. Toshkent shahar hokimligiga:

  • Toshkent shahrining 2200 yilligini nishonlashga doir tadbirlarni amalga oshirishda homiy sifatida qatnashish istagini bildirgan nodavlat va jamoat tashkilotlari, xorijiy va xalqaro tuzilmalarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash;

  • yubileyga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish uchun zarur mablag‘larni to‘plash maqsadida maxsus hisob raqamini ochish hamda mablag‘larni aniq yo‘naltirilgan tarzda sarflash;

  • yubiley munosabati bilan obyektlarni ta’mirlash, qayta tiklash va qurish ishlarini belgilangan muddatda sifatli amalga oshirish vazifasi topshirilsin.

11. O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Toshkent shahrining 2200 yillik yubileyiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri SH.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti I.Karimov

Toshkent shahri,
2008 yil 2 aprel

                o`zb   рус   eng
Bugun: 22.05.2012
© 2008 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati