Hujjat imzolandi
02.12.2010

2 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi bilan AQSH o‘rtasida Ilmiy-texnikaviy hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitim imzolandi.

Mazkur hujjat ikki mamlakatning davlat idoralari, ilmiy-tadqiqot markazlari, oliy o‘quv yurtlari va xususiy kompaniyalari o‘rtasida fan va texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishni nazarda tutadi.

Ushbu loyihani amalga oshirishdan maqsad – birgalikda ikki mamlakatning ilmiy-texnikaviy imkoniyatlaridan to‘laroq foydalanish, O‘zbekiston va AQSH ilmiy-texnikaviy hamjamiyatlari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish va mustahkamlash, shuningdek, sohada ikki tomon uchun ham manfaatli hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Hujjatda ikki mamlakat o‘rtasida axborot, tajriba va texnologiyalar almashuvi, qo‘shma seminarlar, ilmiy konferensiyalar va uchrashuvlar tashkil etish, olim, ekspert va boshqa texnik mutaxassislar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Ushbu ilmiy-texnikaviy hamkorlik energetika, axborot kommunikatsiyalari, biotexnologiya, sog‘liqni saqlash, nanotexnologiya, qishloq va suv xo‘jaligi, atrof-muhit muhofazasi kabi sohalarni o‘z ichiga olgan.

Hujjatni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, moliya vaziri Rustam Azimov va AQSH Davlat kotibi Hillari Klinton imzoladi.

O‘zA

                o`zb   рус   eng
Bugun: 22.05.2012
© 2008 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati