O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qarori
22.07.2010

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qarori

“Respublikaning qishloq tumanlarida onalar va bolalarning reproduktiv salomatligini mustahkamlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”

“Barkamol avlod yili” Davlat dasturini bajarish yuzasidan va profilaktik sog‘liqni saqlashni yanada rivojlantirish, eng avvalo qishloq tumanlarida onalar va bolalarning reproduktiv salomatligini mustahkamlash, “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” maqsadli vazifani izchil amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

1. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Sog‘lom avlod uchun” hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro xayriya jamg‘armasining 2010-2015 yillarda qishloq tumanlarida yashaydigan homilador ayollarni tarkibida shu jumladan foli kislotasi mavjud bo‘lgan umumiy quvvatlantiruvchi polivitaminlarning maxsus komplekslari bilan ta’minlash chora-tadbirlarini amalga oshirish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

2. Quyidagilar:

  • 2010-2014 yillarda respublikaning qishloq tumanlarida yashaydigan homilador ayollar uchun xarid qilinadigan, tarkibida shu jumladan foli kislotasi mavjud bo‘lgan umumiy quvvatlantiruvchi polivitaminlar maxsus komplekslari tarkibidagi vitaminlarning eng kam ro‘yxati;
  • respublikaning qishloq tumanlarida yashaydigan homilador ayollar uchun xarid qilinadigan, tarkibida shu jumladan foli kislotasi mavjud bo‘lgan umumiy quvvatlantiruvchi polivitaminlar maxsus komplekslarini xarid qilish, taqsimlash va ajratish tartibi to‘g‘risidagi Nizom;
  • respublikaning qishloq tumanlarida yashaydigan homilador ayollar uchun xarid qilinadigan, tarkibida shu jumladan foli kislotasi mavjud bo‘lgan umumiy quvvatlantiruvchi polivitaminlar maxsus komplekslarini xarid qilish bo‘yicha Idoralararo tender komissiyasi tarkibi tasdiqlansin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

  • 2010 yilda homilador ayollar uchun polivitaminlar kompleksini xarid qilish uchun ijtimoiy sohaga va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga nazarda tutilgan xarajatlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga 8,0 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratsin.
  • 2011-2014 yillarga O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetini shakllantirishda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining asoslangan buyurtmanomalari bo‘yicha respublikaning qishloq tumanlarida yashaydigan homilador ayollar uchun xarid qilinadigan, tarkibida shu jumladan foli kislotasi mavjud bo‘lgan umumiy quvvatlantiruvchi polivitaminlarning maxsus komplekslarini sotib olishga zarur mablag‘larni nazarda tutsin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan olib kiriladigan tarkibida shu jumladan foli kislotasi mavjud bo‘lgan 1-ilovaga kiritilgan umumiy quvvatlantiruvchi polivitaminlar maxsus komplekslari 2015 yil 1 yanvargacha bojxona to‘lovlari (bojxona yig‘imlari bundan mustasno) to‘lashdan ozod qilinsin.

5. Polivitaminlarning maxsus komplekslari respublikaning qishloq tumanlaridagi homilador ayollar soniga, preparatlarning zarur tarzda transportda tashilishiga va saqlanishiga, ularning homilador ayollarga maqsadli ajratilishiga, shuningdek, polivitaminlar komplekslaridan foydalanishning zarur tarzda hisobga olinishi va hisobot berilishiga qarab hududlar bo‘yicha asosli taqsimlanishini ta’minlash uchun mas’uliyat O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Nazorat-taftish bosh boshqarmasi polivitaminlar komplekslarini xarid qilishga ajratiladigan budjet mablag‘laridan maqsadli foydalanilishini, shuningdek, asosli va aniq tarzda taqsimlanishini, tuman tibbiyot birlashmalari va qishloq vrachlik punktlarigacha yetkazib berilishini, zarur tarzda omborga joylashtirilishi va saqlanishini, homilador ayollarga aniq tarzda ajratilishini muntazam ravishda tekshirib borsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Sog‘lom avlod uchun” hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro xayriya jamg‘armasi ommaviy axborot vositalari, shu jumladan mahalliy televideniye, radio va gazetalar orqali homilador ayollarning reproduktiv salomatligini va ularning bo‘lajak farzandlari salomatligini mustahkamlash uchun polivitaminlar komplekslarini qabul qilishning muhimligi to‘g‘risida aholi o‘rtasida keng tushuntirish ishlari olib borilishini tashkil etsinlar.

7. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, ommaviy axborot vositalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari respublikaning qishloq tumanlarida homilador ayollar salomatligini mustahkamlashga va aholining tibbiy madaniyatini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar amalga oshirilishi yoritilishiga har tomonlama ko‘maklashsinlar.

8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti I.Karimov

Toshkent shahri,
2010 yil 22 iyul

                o`zb   рус   eng
Bugun: 10.02.2012
© 2008 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati