Samimiy qutlov
25.08.2010

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Islom Karimov
Janobi Oliylariga

Janobi Oliylari!

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligi e’lon qilinganining 19 yilligi munosabati bilan Xitoy Xalq Respublikasi hukumati, xalqi va shaxsan o‘z nomimdan Siz, Janobi Oliylariga va do‘st O‘zbekiston xalqiga samimiy qutlovlar va eng ezgu tilaklarni izhor etishga ijozat bergaysiz.

Mustaqillik qo‘lga kiritilganidan keyin o‘tgan 19 yil davomida Siz, Janobi Oliylarining rahnamoligingizda O‘zbekiston hukumati va xalqi davlat mustaqilligi, uning suvereniteti va xavfsizligini ta’minlab, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish imkoniyatlaridan samarali foydalanib, xorijiy davlatlar bilan aloqalarni muttasil kengaytirib, davlat qurish va mamlakatni ravnaq toptirishdek buyuk xayrli ishlarda salmoqli yutuqlarni qo‘lga kiritgan holda, mavjud sharoit va xususiyatlarga mos rivojlanish yo‘lidan dadil bormoqda. Biz, O‘zbekistonning yaqin qo‘shnilari, do‘st va hamkorlari mamlakatingiz erishayotgan muvaffaqiyatlardan chin dildan quvonamiz.

Davlatlarimiz o‘rtasida diplomatiya munosabatlari o‘rnatilgan kundan Xitoy-O‘zbekiston munosabatlari izchil rivojlanib kelmoqda. Mamlakatlarimiz siyosat sohasida o‘zaro ishonch ruhidagi munosabatlarni qo‘llab-quvvatlab, o‘zaro manfaatli iqtisodiy hamkorlikni amalga oshirmoqda. Xavfsizlik sohasidagi hamjihatligimiz mustahkamlanib, gumanitar aloqalarimiz muttasil kengaymoqda. Mamlakatlarimiz o‘zaro manfaatli g‘oyat muhim masalalarda bir-birini faol qo‘llab-quvvatlamoqda, BMT va SHHT kabi xalqaro tashkilotlar doirasida yaqin hamkorlik qilmoqda, mamlakatlarimizning mushtarak manfaatlarini samarali himoya qilib, mintaqada va butun dunyoda tinchlik, barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlashga katta hissa qo‘shmoqda.

Janobi Oliylari, mamlakatingizga joriy yil iyun oyidagi davlat tashrifim asnosida Siz bilan Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida siyosiy hamjihatlikni va barcha sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni har tomonlama mustahkamlash yuzasidan fikr almashdik hamda qator muhim kelishuvlarga erishdik. Xitoy bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik, sheriklik va hamkorlik munosabatlarini yangi bosqichga ko‘tarish uchun ikki tomon erishgan kelishuvlarni hayotga faol tatbiq etish maqsadida Siz, Janobi Oliylari bilan birgalikda butun kuch-g‘ayratimni safarbar etishga tayyor ekanimni izhor qilishga ijozat bergaysiz.

Ikki tomon uchun ham qulay vaqtda Siz, Janobi Oliylarining Xitoyga tashrifingizni kutib qolaman.

Do‘st O‘zbekistonga kuch-qudrat va taraqqiyot, xalqingizga baxt-saodat va farovonlik tilayman.

Janobi Oliylari, Sizga mustahkam sog‘liq va faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilab bildirgan istaklarimni qabul qilgaysiz.

Xu Szintao,
Xitoy Xalq Respublikasi Raisi

                o`zb   рус   eng
Bugun: 09.02.2012
© 2008 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati