O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Koreya Respublikasi Prezidenti Li Myon Bakni mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatiya munosabatlari o‘rnatilganining 20 yilligi munosabati bilan muborakbod etdi.
Islom Karimov o‘z tabrik maktubida O‘zbekiston Koreya Respublikasi timsolida jadal rivojlanayotgan, ulkan iqtisodiy, industrial-texnikaviy va intellektual salohiyatga ega bo‘lgan, mamlakatimizga iqtisodiyot va ijtimoiy sohani tubdan isloh etish va chuqur modernizatsiyalash bo‘yicha keng ko‘lamli dasturlarni amalga oshirishda qimmatli va zarur yordam ko‘rsatib kelayotgan zamonaviy davlatni ko‘rishini ta’kidladi.
“Diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 20 yilligi nishonlanayotgan ayyomda shuni ishonch bilan qayd etishimiz mumkinki, qadim tarixiy ildizlarga ega bo‘lgan O‘zbekiston-Koreya munosabatlari bugungi kunda ham davlatlararo, ham hukumatlararo miqyosda, iqtisodiy va tijoriy tuzilmalar, banklar, kompaniya va firmalar hamkorligi bobida, shuningdek, gumanitar sohada tom ma’noda yetuklikka erishib, har tomonlama o‘ylangan va o‘zaro manfaatdorlik kasb etgan darajaga ko‘tarildi”, deyiladi O‘zbekiston rahbarining qutlov maktubida.
Islom Karimov O‘zbekistonda Koreya Respublikasi bilan ikki tomonlama va ko‘p yoqlama masalalar bo‘yicha ishonchli va sermazmun siyosiy muloqot va o‘zaro anglashuv, umuman, o‘zaro munosabatlarning 2006 yilda imzolangan Strategik sheriklik to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya qoidalari va ruhiga mos ravishda yuksalib borayotgan darajasi yuqori baholanishini qayd etdi.
Shuningdek, tabrik maktubida mamlakatimizda Prezident Li Myon Bakning 2001 yil avgust oyida O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amaliyotga tatbiq qilishga alohida ahamiyat berilishi, ushbu tashrif o‘zbek va koreys xalqlari o‘rtasidagi uzoq muddatli aloqalarni yanada mustahkamlash jarayonidagi g‘oyat muhim bosqich bo‘lib, mazkur aloqalarning turli yo‘nalishlarda izchil kengayib borishi uchun zalvorli poydevor yaratgani ta’kidlangan.
“Shu ma’noda Surg‘il koni negizida Ustyurt gaz-kimyo majmuini barpo etish bo‘yicha Siz qo‘llab-quvvatlagan, o‘z ko‘lami bo‘yicha mislsiz bo‘lgan loyihaning amalga oshirilishi alohida e’tiborga sazovordir. Biz koreyalik sheriklarning “Navoiy” aeroportidagi xalqaro intermodal Logistika markazini rivojlantirish hamda birgalikda uning yonida, Erkin industrial-iqtisodiy zonada yuqori texnologiyali va innovatsion ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etishda keng ishtirokini qo‘llab-quvvatlaymiz”, deb davom etdi Islom Karimov.
O‘zbekiston rahbari Li Myon Bakka mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt va muvaffaqiyatlar, do‘st koreys xalqiga esa tinchlik va davomli taraqqiyot tiladi.





RSS