Koreya Respublikasi Prezidentining tabrigi
27.01.2012

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovga Koreya Respublikasi Prezidenti Li Myon Bakdan davlatlarimiz o‘rtasida diplomatiya munosabatlari o‘rnatilganining 20 yilligi munosabati bilan qutlov maktubi keldi.

Li Myon Bak 1992 yil 29 yanvar kuni mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatiya munosabatlari o‘rnatilgan vaqtdan buyon barcha yo‘nalishlar – siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda ikki tomonlama hamkorlik muttasil rivojlanib kelayotgani kuzatilayotganini qayd etdi.

“Mamlakatimda prezident etib saylanganimdan keyin ikki marta O‘zbekiston Respublikasiga borishga muyassar bo‘ldim. Markaziy Osiyoning yetakchi mamlakati sifatida O‘zbekiston Sizning dono rahbarligingiz bilan jadal va izchil rivojlanayotgani menda chuqur taassurot qoldirdi. Bu mening mamlakatlarimiz porloq istiqbolga yo‘nalgan davlat taraqqiyoti yo‘lida hamkorlik qilayotgan haqiqiy sheriklar ekaniga ishonchimni yanada mustahkamladi”, deb ta’kidladi Koreya Respublikasi Prezidenti.

Li Myon Bak tomonlar hamkorlikning qator oliy darajadagi muzokaralarda muhokama qilingan asosiy loyihalarini uzviy amalga oshirish yo‘lida birgalikda yaqindan sa’y-harakat qilib borishiga umid bildirdi. Shuningdek, ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish borasidagi asosiy yo‘nalishlarning batafsil muhokamasi bundan buyon ham davom etishiga ishonishini qayd etdi.

Koreya Respublikasi Prezidenti davlatimiz rahbariga mustahkam sog‘liq, O‘zbekistonga esa muvaffaqiyatlar va uzluksiz taraqqiyot tiladi.

                o`zb   рус   eng
Bugun: 22.05.2012
© 2008 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati